Buxoroda daraxtlarni noqonuniy ko‘chirib o‘tkazgan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Inspektorlar “Shayxon” MFYda joylashgan tibbiyot markazi radiologiya bo‘limida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda korxona mas’ullari tomonidan daraxtlar noqonuniy ko‘chirib o‘tkazilganini aniqladi. Ular obyekt hududi o‘rab olinganidan foydalanib qolishdi.
Jami 38 ta qimmatbaho daraxt ko‘chirib o‘tkazildi, ulardan 26 tasi nobud bo‘ldi. Tabiatga yetkazilgan zarar 170 mln 62 ming so‘mni tashkil etgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.