Shavkat Mirziyoyev maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi o‘ta dolzarb bo‘lib, butun jamiyat manfaatlariga daxldor. Ma’lumotlarga ko‘ra, barcha korrupsiya holatlarining 75 foizi asosan shahar va tumanlar darajasida yuzaga keladigan maishiy korrupsiya bilan bog‘liq.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida bu illatga barham berish vazifasi qo‘yilgan edi. Shu maqsadda, davlatimiz rahbarining 21 apreldagi farmoniga muvofiq, Bosh prokuraturada korrupsiyaviy omillarni tahlil qilish bo‘yicha alohida sho‘ba tashkil etilgan edi. Korrupsiya sabablari va shart-sharoitlari hududlarga chiqqan holda tizimli o‘rganilmoqda.
Prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ilmiy-ta’lim markazida 200 dan ortiq mutaxassis ilmiy tahlil va tadqiqotlar bilan shug‘ullanmoqda. Umuman, huquq-tartibot idoralarida korrupsiyaning oldini olish ishlariga 100 mingdan ziyod xodim jalb etilgan.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, aksariyat hollarda korrupsiyaning sabablari bilan emas, uning oqibatlari bilan kurashilmoqda. Korrupsiya uchun shart-sharoitlarni butunlay istisno qiladigan profilaktika choralari hali yetarli emas. Fuqarolar har kuni murojaat qiladigan idoralar — hokimliklar, kadastr, bank va soliq idoralarida haligacha byurokratiya va korrupsion bo‘shliqlar saqlanib qolmoqda.
Taqdimotda ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Mamlakatda 43 ta nazorat organi faoliyat ko‘rsatmoqda. Barcha vazirliklarda komplayens-bo‘linmalar tashkil etilgan. Ularning ish samaradorligini oshirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Vazirlik va idoralar huzuridagi inspeksiyalarning bu boradagi faoliyati ham tanqidiy baholandi.
Prezident davlat idoralari faoliyatiga nafaqat korrupsiya darajasining pasaygani, balki uning qancha ko‘rinishining oldi olinganiga qarab baho berish kerakligini ta’kidladi.
Mamlakatda yer ajratishning shaffof tizimi joriy etilgan bo‘lsa-da, joylarda noqonuniy xatti-harakatlar hali ham qayd etilmoqda. Shu bois kadastr xizmati, “O‘zbekkosmos”, qurilish va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlarini tahlil qilib, bunday kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish, barcha sohalarda raqamli nazoratni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida parlament palatalarining sohaviy qo‘mitalariga korrupsiya sabablarini mahallalar kesimida o‘rganish, davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ulushini kamaytirish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan tavsiyalar berilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar shu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Eslatib o‘tamiz, sog‘liqni saqlash vaziri fuqarolar va soha xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirgandi. Asilbek Xudayarovning e’tirof etishicha, bir qator muassasalarda tovlamachilik, byurokratiya, manfaatlar to‘qnashuvi kabi salbiy holatlar hamon saqlanib qolmoqda.