O‘zbekistonda Suv kodeksi qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjat suvlar, suv obyektlari, suv xo‘jaligi obyektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Kodeksga ko‘ra, suv umummilliy boylik hisoblanadi, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Suvdan foydalanish umumiy va maxsus turlarga bo‘linadi.

Quyidagilar suv obyektlari hisoblanadi:

  • O‘zbekistonning yer usti va yer osti suv obyektlari;
  • O‘zbekiston hududida joylashgan va uning hududini kesib o‘tuvchi transchegaraviy yer usti va yer osti suv obyektlari.

Suv obyektlari yakka tartibda yoki birgalikda foydalanishda bo‘lishi mumkin. Suv resurslarini boshqarish sohasida qarorlar qabul qilish uchun respublikalar va havzalar, zarur hollarda esa viloyatlar darajasida kollegial-maslahat organi shaklidagi suv kengashlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi tashkil etiladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.