Shavkat Mirziyoyev 30-iyul kuni meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko‘paytirish bo‘yicha yangi zaxira va imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.
Davlat rahbari issiqxona xo‘jaliklariga ko‘maklashish masalasiga alohida to‘xtaldi. Yurtimizda 5,1 ming gektar shunday xo‘jaliklar mavjud bo‘lib, oxirgi yetti yilda ularda yetishtiriladigan mahsulot hajmi 110 ming tonnadan 546 ming tonnaga oshgan.
Shu bilan birga, tadbirkorlar kreditlar og‘irligi, o‘g‘itlar qimmatligi va uzluksiz gaz ta’minoti yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. 600 gektardan ortiq issiqxonalar faoliyatini to‘xtatgan, 128 gektari esa qarzdorlik tufayli bank balansiga o‘tkazilgan.
Prezident issiqxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni e’lon qildi. Xususan:
- ichki bozor bilan bir qatorda eksportga mahsulot ishlab chiqarish majburiyatini olgan va tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar qish mavsumida kafolatlangan hajmda gaz bilan ta’minlanadi;
- ko‘mir yoki boshqa muqobil isitish tizimlarida ishlaydigan va eksport majburiyatini olgan issiqxonalar ham gazga qaytish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
- yetarli aylanma mablag‘ni ta’minlash maqsadida oktyabr-mart oylari uchun avans to‘lovi 50 foiz miqdorida belgilandi. Bunda issiqxona xo‘jaliklari 1 oktyabrga qadar gaz ta’minoti korxonalari bilan shartnoma imzolashi kerak bo‘ladi;
- tabiiy gazdan ko‘mirga yoki boshqa muqobil isitish tizimlariga o‘tgan issiqxona xo‘jaliklariga beriladigan kredit muddati uzaytiriladi;
- issiqlik nasoslaridan foydalangan holda issiqxona tashkil etgan korxonalarga xarajatlarning 20 foizigacha qismi qoplab beriladi, ishlar kreditga bajarilganda esa kredit stavkasi 4 foizni tashkil etadi.
Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklari, toifasidan qat’i nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘laydi. 2028-yilga borib issiqxona xo‘jaligi xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.
Soliq qo‘mitasiga barcha tizim, tahlil va tahlil markazlarini safarbar qilib, issiqxonalardan chiqayotgan gaz qaysi sohalarga yo‘naltirilayotgani va ularning samaradorligini o‘rganish, gaz yetkazib berilayotgan boshqa sohalarda qo‘shilgan qiymat past bo‘lsa, uni issiqxonalarga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Ekologik vaziyatdan kelib chiqib, Toshkent viloyatida issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy ta’siri bilan bog‘liq muammolarni kompleks hal etish vazifasi qo‘yildi.
Barcha eshitib olsin: issiqxonalar bu – oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik masalasi hisoblanadi — prezident.
Mutasaddi idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.