Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi Mittivine nomi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov operatsiya qilingan Star Med Center xususiy klinikasi otolaringologi ustidan oqlov hukmi chiqardi.
Shifokorning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagan, birinchi instansiya sudi tomonidan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash va 2 yil muddatga kasbiy faoliyatini taqiqlash jazosi bekor qilingan. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlarida otorinolaringolog xatti-harakatlarida bemorning o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatolar aniqlanmagan.
Sudda anesteziya va intensiv terapiya paytida bemorning ahvolini kuzatish mas’uliyati anesteziolog-reanimatologga, LOR esa faqat jarrohlik aralashuvi uchun javob berishi ta’kidlandi. Ushbu ko‘rsatmalar tegishli tibbiyot ekspertlari, jumladan, ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya markazi direktori o‘rinbosari va Mudofaa vazirligi bosh otorinolaringologi tomonidan ham tasdiqlandi.
Ish hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, jarrohlik amaliyoti davomida anesteziolog ikki marta telefon suhbatlariga chalg‘igan. Natijada bemorning tana harorati o‘z vaqtida ko‘tarilmagan, bu esa jiddiy metabolik buzilishlarga olib kelgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bemorning o‘limiga dori vositalariga allergik reaksiya natijasida yuzaga kelgan anafilaktik shok sabab bo‘lgan. Ehtimoliy allergenlar orasida novokain ham bor edi. Bemorning o‘zi allergiya borligini rad etgan va bu tibbiy hujjatlarda qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Farhod Mannopov do‘stlari bilan dam olayotganda yuzini basseyn bortiga urib olgandi. U burni singan holda klinikaga murojaat qilib, operatsiyaga rozi bo‘lgan.
Biroq operatsiya vaqtida vaynerning ahvoli keskin yomonlashgan. Reanimatsion muolajalarga qaramay, bloger 5-mart kuni soat 03:22 da vafot etgan.