Toshkent shahar hokimligi faoliyati to‘xtatilgan qurilish korxonalarini onlayn tekshirish imkoniyati yaratilganini ma’lum qildi.

Hokimlik boti manziliga qurilish masalalari bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar ko‘pligi bois, aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi veb-sahifa ishga tushirilib, uning yordamida faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan qurilish firma va kompaniyalari holatini onlayn tarzda tekshirish mumkin.

Qayd etilishicha, ro‘yxat quruvchi firmalar tomonidan kamchiliklar bartaraf etilishi va yangi tashkilotlar aniqlanishiga qarab onlayn tarzda yangilanadi. Har bir fuqaro qurilish kompaniyasining nomini kiritib, bir necha soniya ichida ushbu kompaniyaning faoliyati to‘xtatilgan yoki to‘xtatilmaganligini bilib olishi mumkin.

Qurilish kompaniyasi maqomini shr-tashkent.uz/qurilish havolasi orqali tekshirishingiz mumkin. Mazkur xizmat bepul ko‘rsatilib, firma va kompaniyalar bazasi muntazam yangilanib boriladi.

Avvalroq Toshkent hokimligi 59 ta qurilish obyektida me’yorlar buzilgani sababli ishlar to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Rasmiylar shaharda qurilish me’yorlarini buzish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar haqida xabar berishdi.