“Toshshahartransxizmat” sobiq boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev ozodlikka chiqdi. Bu haqda Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atining 5 iyundagi ajrimida keltirilgan.

Anvar Jo‘rayevga ozodlikdan mahrum qilish o‘rniga 4,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, unga 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” tizimida moddiy javobgarlik va rahbarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi. Amaldor uchun jazoni almashtirish haqidagi ma’lumot jamiyatda munozaralarga sabab bo‘ldi.

30-iyul kuni Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Abidov holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi fevral oyida Anvar Jo‘rayev va “Toshshahartransxizmat” AJ va kompaniyaga qarashli avtobus saroylarining 20 nafar xodimini Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalar bilan jinoyat sodir etganlikda aybli deb topgandi.

Sud hukmi bilan ayblanuvchi Anvar Jo‘rayev va boshqa shaxslardan 2 475 687 526 so‘m undirilgan. Anvar Jo‘rayev va 10 nafar ayblanuvchining apellyatsiya shikoyatlari hamda prokuror protestiga asosan mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, sud jarayonida ayblanuvchilar tomonidan yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan.

O‘zR JK 167-moddasi 4-qismida: yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Shunga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi bilan asosiy jinoyat bo‘yicha yetkazilgan zarar qoplanganligi inobatga olinib, sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Depozitga qo‘yilgan mablag‘lar davlat daromadiga o‘tkazildi. Jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘lar evaziga sotib olingan va yetkazilgan zararni qoplash uchun yo‘naltirilgan ikkita ko‘chmas mulk davlat foydasiga musodara qilindi.

Oliy sudning qayd etishicha, sud ajrimidan norozi bo‘lgan fuqarolar uning ustidan Toshkent shahar sudiga nazorat tartibida shikoyat berishlari yoki protest bildirishlari mumkin.