Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi UzAuto dilerlik korxonalari tomonidan taqdim etilgan shartnomalar va qonunchilikka nomuvofiqlikni o‘rganib chiqdi.

Idora aralashuvidan so‘ng, shartnomalarga iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlab o‘zgartirishlar kiritildi. Raqobat qo‘mitasining UzAuto Motors ishtirokidagi tahlillari natijasida shartnomaning 21-kichik bandi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi.

Qayd etilishicha, shartnomaning 45 ta kichik bandidan 21 tasi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgan. Ular orasida:

  • mablag‘larni qaytarish muddati: ilgari u qo‘shimcha shartnoma imzolangan kundan boshlab 30 kunni tashkil etgan bo‘lsa, endi — 10 kun;
  • avtomobilni yetkazib berishning kechikishi: avvalroq “Sotuvchining majburiyatlari” bo‘limida ishlab chiqaruvchiga bog‘liq bo‘lmagan ishlab chiqarishdagi vaqtinchalik tanaffus holatida avtomobilni yetkazib berish muddati 45 kungacha uzaytirilishi mumkinligi belgilangan edi. Endi ushbu band fors-major bo‘limiga o‘tkazildi;
  • shartnomani qayta tuzish: ilgari bir yil davomida bir xil model uchun shartnoma tuzish fakti aniqlanganda, avtomobilni yetkazib berish muddati qo‘shimcha ravishda 120 kungacha uzaytirilishi mumkin edi. Endi bu band butunlay olib tashlandi.

Shuningdek, shartnomada sotuvchining qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda tijorat banklari orqali bir qator Chevrolet avtomobillarini sotib olishning murakkabligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgandi. UzAuto holatga izoh bergan.