Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi rahbariyatidan iborat ishchi guruh Bosh prokuratura bilan hamkorlikda Navoiy shahrida atmosfera havosi ifloslanishi sabablarini aniqlash, tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish maqsadida o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadqiqot ikki yo‘nalishda olib borilmoqda: Ekologiya vazirining topshirig‘iga binoan Navoiyda qayd etilgan oq tutun manbasini aniqlash, shuningdek, sanoat chiqindilari bilan bog‘liq ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida. Qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda, qat’iy choralar ko‘riladi.
Birinchi holatda, 19 iyul kuni Navoiyda atmosfera havosining oq tutun bilan ifloslanishi bo‘yicha laboratoriya tahlillari va boshqa ma’lumotlar to‘plangan. Navoiy shahridagi 11 ta nuqtada havoning ifloslanish darajasi mobil laboratoriya yordamida tahlil qilinganda, belgilangan me’yordan oltingugurt dioksidi (SO2) bilan 1,86 barobar, ammiak (NH3) bilan esa 1,43 barobar ko‘pligi aniqlandi.
Shu kuni soat 05:30 da sobiq «Elektrokimyo» zavodi hududida «Sogda kimyo zavod» MCHJ, «Ferrosplav» MCHJ va «Zarafshon industrial technology» MCHJ zavodlariga tutash hududda qisqa vaqt ichida konsentratsiyalangan chiqindi videosi dalil sifatida taqdim etilgan.
«Sogda Kimyo Zavod» korxonasi o‘z faoliyatini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazmasdan amalga oshiradi. Zavod hududida ruxsat etilmagan chiqindixona aniqlanib, qurilish chiqindilari belgilangan me’yorlarga zid ravishda olib chiqib ketilmoqda va tashqarida joylashtirilmoqda.
Bundan tashqari, korxona zararli moddalarni ochiq suv havzasida to‘playdi, kimyoviy moddalar erishi natijasida hosil bo‘lgan kislotali oqovalarni ochiq joyga tashlaydi, shuningdek, atmosferaga nazoratsiz chiqindilarni chiqaradi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 7 milliard 382 million so‘mga baholangan.
Ferrosplav davlat ekologik ekspertizasi xulosasisiz faoliyat yuritadi. Xom ashyoni eritish jarayonida atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqariladi, sanoat chiqindilari tartibsiz holda to‘planadi.
Zarafshon Industrial Technology davlat ekologik ekspertizasi xulosasida ko‘rsatilgan talablarni bajarmagan. Zararli moddalarning ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyasidan ko‘p marotaba oshib ketishi qayd etildi: vodorod sulfid darajasi – 25 baravar, azot oksidi – 12 baravar, ammiak – 7 baravar, oltingugurt dioksidi – 2,6 baravar va yana vodorod sulfid – 40 baravar me’yordan yuqori. Bundan tashqari, oltingugurt omborida zararli moddalarni xavfsiz saqlash talablariga rioya qilinmaydi.
Ekologik me’yorlar va qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi sababli Ekologiya vazirligi mazkur sanoat korxonalari faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi. Ularga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish va o‘z faoliyatini ekologik talablarga muvofiqlashtirish uchun 10 kun muhlat berildi. Ko‘rsatmalar belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, ularning faoliyatini to‘liq tugatish to‘g‘risida sudga da’vo arizalari kiritiladi.
Navoiy shahridagi umumiy ekologik vaziyatni o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning ikkinchi bosqichi doirasida uchta ishchi guruh tuzilib, shahar va unga tutash hududlarda joylashgan 168 ta sanoat korxonasi faoliyati o‘rganilmoqda.
Bugungi kunga qadar 42 ta korxona tekshirilgan. Ekologiya qonunchiligi buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llash maqsadida sudga yuborish uchun materiallar tayyorlangan.
Shu bilan birga, o‘rganish davomida 22 ta korxona faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilmaganligi aniqlandi:
- Qurilish mahsulotlari — g‘isht ishlab chiqarish zavodi;
- Navoiy global trans servis — granit;
- Ittifoq — g‘isht ishlab chiqarish zavodi;
- Qizilqum temir beton — plitalar;
- Qizilqum shifer — shifer;
- Stroykom-77 — bo‘yoqlar uchun pigmentlar;
- Karmana kvars — ohak zavodi;
- Navoiy util med — tibbiy chiqindilarni yoqish;
- Navoiy asir invest — kimyoviy moddalar ombori;
- BARNO — qurilish chiqindilari poligoni;
- Navoiy sheben xom-ashyo — ohak va tosh maydalash sexi;
- Navoiy sheben xom-ashyo — ohak zavodi;
- Navoiy asir invest savdo — sirka kislotasi skladi;
- Montaj servis malikrabot —metallga ishlov berish;
- Karmanasut — sutni qayta ishlash;
- Alibobo-2020 — metall eritish;
- Fosxim agro — fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish;
- Jahon biznes baraka servis — ohak sexi;
- Rubin-karmana — asfalt zavodi;
- Sogda kimyo zavod — kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish;
- Ferrosplav — metallarni eritish;
- мастерская Parda bobo ustaxonasi — betonbloklar.
Atmosfera, tuproq va suv resurslarini muhofaza qilish sohasidagi talablar qo‘pol ravishda buzilgan, chiqindilarning tartibsiz chiqindixonalari aniqlangan. Shu munosabat bilan ularning faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilindi. Shuningdek, ushbu korxonalarga qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun 10 kunlik muddat berildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan 19 ta korxonaga nisbatan ularning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilgan.
Bundan tashqari, «Navoiyazot» korxonasi faoliyatini tekshirish natijasida qurilish chiqindilari ajratilmagan joylarda saqlanayotgani, qurum (qoldiq) ni yoqish natijasida atmosfera havosi ifloslangani aniqlangan.
Shuningdek, 29-iyul kuni karbamid sexida o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, ammiak miqdori belgilangan me’yordan 1,08 baravar yuqori ekanligi aniqlandi.
29 iyuldan 30 iyulga o‘tar kechasi «Navoiyazot» korxonasi atrofida o‘tkazilgan o‘lchovlar davomida ammiak (NH3) miqdori me’yordan 1,5 barobar, vodorod sulfid (H2S) 36 barobar, g‘arbiy hududda soat 00:16 da ammiak 6,6 barobar, vodorod sulfid 1,4 barobar, oltingugurt dioksidi (SO2) 1,2 barobar me’yordan yuqori ekanligi qayd etildi.
Natijada korxona jarima va kompensatsiya to‘lovlari ko‘rinishida javobgarlikka tortilgan, qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun 10 kunlik muddat belgilangan.
Joriy yilning 24 iyul kuni tungi vaqtda Karmana tumanining Navoiy shahri bilan chegaradosh tog‘li hududida o‘tkazilgan to‘satdan nazorat tadbirida 24 nafar fuqaro tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz va ekologik me’yorlarni qo‘pol ravishda buzgan holda noqonuniy ravishda ohak ishlab chiqarilgani, natijada havo qora tutun va chang bilan ifloslangani aniqlangan. Barcha 24 nafar qoidabuzarga nisbatan 18 mln so‘m jarima belgilanib, noqonuniy qurilmalar demontaj qilingan.
Navoiy shahrida faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagan hamda ekologik qonunchilik va talablar buzilgan holda amalga oshirilayotgan korxonalarni tunu kun tekshirish davom etmoqda. Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, atmosfera havosining ifloslanishini kamaytirish maqsadida har bir korxona tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ekologik chora-tadbirlar dasturi shakllantiriladi. Dastur xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Ekologiya vazirligi sanoat korxonalari rahbarlari har chorakda xalq vakillari oldida dastur bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobot beradigan mexanizmni joriy etishni taklif qilmoqda.