Boks bo‘yicha Olimpiada chempioni Lazizbek Mullojonovning doping-sinamasidan taqiqlangan modda topildi. Bu haqda Xalqaro doping-test agentligi xabar bermoqda.
O‘zbekistonlik sportchining joriy yilning 11-iyun kuni musobaqalardan tashqari davrda topshirgan namunasida mushaklarning tez o‘sishi, kuch va chidamlilikni oshirishga yordam beradigan sintetik anabolik androgen steroid — metasteron aniqlandi.
Mullojonovga tahlil natijalari haqida ma’lumot berildi, u B namunasini tekshirishni talab qilish huquqiga ega. Agar B namunasining tahlili A namunasining natijasini tasdiqlasa, bu holat dopingga qarshi qoidalarning buzilishi deb tan olinadi.
Sportchi takroriy tahlilni talab qilmasa ham, qoidabuzarlik tasdiqlangan deb hisoblanadi. Mullojonovga o‘z tushuntirishlarini berish imkoniyati beriladi. Butunjahon antidoping kodeksiga muvofiq, sportchi barcha musobaqalardan vaqtincha chetlashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, Ulug‘bek Rashitov ham antidoping qoidalarini buzgani uchun diskvalifikatsiya qilingandi. Sportchi so‘nggi bir yil ichida uch marta joylashuvi haqida ma’lumot berish qoidalarini buzgan.