O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi sog‘lomlashtirish oromgohlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.
12 kunlik dam olish uchun yo‘llanmalar yil davomida beriladi. Dam olish quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi xodimlari va ilg‘or pedagoglar uchun — sentyabrdan maygacha;
- iqtidorli o‘quvchilar uchun — iyundan avgustgacha.
Tegishli komissiyalar 7-14 yoshdagi iqtidorli o‘quvchilarni quyidagi mezonlar bo‘yicha saralab oladi:
- asosiy olimpiadaning uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarida fanlar bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar;
- mintaqaviy xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
- nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan o‘quvchilar;
- xalqaro tanlovlar, festivallar va musobaqalar g‘oliblari;
- respublika tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan turli ko‘rik-tanlovlar va musobaqalarning respublika bosqichlari g‘oliblari.
Pedagoglar uchun mezonlar:
- xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan;
- xalqaro olimpiadalar g‘oliblari bo‘lgan;
- xorijiy tillar va STEAM fanlari bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan;
- asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlaganlar;
- respublika tanlovlarida sovrinli o‘rinlarni egallaganlar;
- oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan boshlang‘ich sinflar va maktabgacha ta’lim muassasalari o‘qituvchilari;
- asosiy olimpiadalarning viloyat bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan.
Yo‘llanmalar belgilangan mezonlar asosida navbatma-navbat taqdim etiladi.