Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va kosmik ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilish bo‘lib o‘tgan videoselektorning davomi bo‘ldi. Davlat rahbari meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish masalalarini ko‘rib chiqar ekan, yerdan oqilona foydalanish, agrar sohada samaradorlikni oshirish zarurligini ta’kidladi.

Aniq ma’lumotlarning mavjudligi va ularning sifatli tahlili muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “O‘zbekkosmos” agentligi bu borada katta imkoniyatlar yaratmoqda. Davlat rahbarining 2024-yil 14-oktyabrdagi qaroriga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etilmoqda.

Xususan, ular yordamida qishloq va suv xo‘jaligidagi ishlarning haqiqiy ahvolini, mavjud muammolarni xolisona aniqlash mumkin bo‘ladi. Ikki yil davomida 4 million gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlari kosmik monitoring qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, hisobotlarda paxta ekilgan deb ko‘rsatilgan ayrim maydonlarda amalda paxta yetishtirilmagan, qator hollarda esa zaxira yerlarda yoki egasi aniqlanmagan maydonlarda paxta ekilgan.

Shu bois qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun davlat tomonidan ajratilayotgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini masofaviy monitoring qilish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Iqlim o‘zgarishlari va suv tanqisligini inobatga olib, yurtimizda qurg‘oqchilikka chidamli yangi navlar va agrotexnologiyalar joriy etilmoqda. Lekin sug‘orishda qo‘llanilayotgan suv sarfi me’yorlari eskirgan va zamon talabiga javob bermaydi. Shuningdek, gidromodul rayonlashtirish usuli ham eskirgan bo‘lib, kanallarning quyi qismida joylashgan 3 mingdan ziyod fermer suvsiz qolmoqda.

Qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilib, sug‘orish me’yorlari va gidromodul tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Fermer xo‘jaliklari tomonidan iste’mol qilinayotgan suvning aniq hisobi hanuzgacha yuritilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois suvdan foydalanishning barcha bosqichlarini raqamlashtirib, konturma-kontur hisobini yuritish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yaqin vaqtlargacha suv omborlarining sig‘imi loyiha ma’lumotlari asosida hisoblanar edi. Ikki yil davomida ilk bor 60 ta yirik suv ombori batimetrik tahlil qilindi. Loyqa bosishi natijasida ba’zi suv omborlarining sig‘imi kamaygani aniqlandi.

Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv hajmini onlayn kuzatish va loyqa bosishini kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda sohani raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Fermerlar yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar bo‘yicha 30 dan ortiq turli platformalarga murojaat qilmoqda. Fermerlarga qulaylik yaratish maqsadida “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiyalashgan platformasi ishga tushiriladi.

Fermer o‘z yerida nima yetishtirishni o‘zi tanlaydi. O‘zi esa ekinlar haqidagi ma’lumotlarni platformaga kiritadi. Bu asosiy, takroriy va “to‘qson kunlik” ekinlar hajmini oldindan ko‘rish imkonini beradi. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, narxlar barqarorligi va fermerlar daromadini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov rahbarligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzildi. Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlarini qishloq xo‘jaligi sohasiga keng joriy etish rejalashtirilgan. Shu yilning kuzida mamlakatga 100 dan ortiq zamonaviy dronlar olib kelinadi. Bu sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, fermerlarga dronlar orqali xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Somon yoqishni taqiqlash bo‘yicha huquqiy asoslar yaratish zarurligi ta’kidlandi. Kosmik ma’lumotlarda qurilish, kadastr, noruda konlar, o‘rmon va yaylov yerlari bo‘yicha ham muhim ma’lumotlar mavjud. Vazirlik va hokimliklarga ushbu ma’lumotlarni o‘rganib, tegishli rejalar tayyorlash topshirildi.