Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va uni rivojlantirish bo‘yicha yangi rejalar to‘g‘risidagi axborot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Oxirgi sakkiz yilda viloyatda 1 ming 132 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 56 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilangan. Maktabgacha ta’limda qamrov 21 foizdan 73 foizga, oliy ta’limda 10 foizdan 45 foizga yetdi.
Viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshidan buyon 7,5 foizdan 6,9 foizga kamaydi. Yil yakunigacha 150 ming aholini band qilib, 90 ming fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan. Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,7 barobarga o‘sib, 45 trillion so‘mdan oshdi.
Lekin bu ko‘rsatkichning 37 foizi Samarqand shahriga, 23 foizi Jomboy, Samarqand va Urgut tumanlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Qo‘shrabot, Payariq va Nurobod tumanlarida sanoat yaxshi rivojlanmagan. Taqdimotda tadbirkorlar takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Nurobod tumanida 115 gektar maydonda maxsus sanoat zonasi tashkil etish taklif etilmoqda. 472 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 1 ming 200 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Qo‘shrabot tumanida xitoylik investor granit toshini qazib olish va qayta ishlashga 40 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bulung‘urlik tadbirkor in vitro laboratoriyasini tashkil etib, urug‘lik kartoshka brendini yaratishni boshladi. Shu tumanda qiymati $100 mln bo‘lgan biofarmatsevtika korxonasi qurilishi rejalashtirilgan.
Umuman, viloyatda 1,2 milliard dollarlik 14 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning amalga oshirilishi 12 mingta ish o‘rni yaratish va 82 mln dollarlik eksport tushumini ta’minlash imkonini beradi.
Prezident bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.