2026-yilda “Toshkent—Samarqand” va “Toshkent—Andijon” pullik yo‘llari qurilishi boshlanadi. Bu haqda 2028-yilgacha mo‘ljallangan Fiskal strategiyada so‘z boradi.
Loyihalar xalqaro avtomagistrallarning holatini yaxshilash, ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyati va xavfsizlik darajasini oshirishga qaratilgan kompleks dastur doirasida amalga oshirilmoqda. Moliyalashtirish ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, “Toshkent—Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha tezyurar poyezdlar uchun qo‘shimcha yangi temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini boshlash, “Nukus—Miskin—Urganch—Buxoro” yangi tezyurar temir yo‘l liniyasini foydalanishga topshirish va yangi tezyurar poyezdlarning muntazam qatnovini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kamida 1 000 km zamonaviy pullik avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.