Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga Toshkent shahrida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.
So‘nggi paytlarda poytaxtda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar ko‘payib, bu aholining kundalik hayoti, ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Aholi va tadbirkorlar elektr ta’minotidagi 3-4 soatlik uzilishlar nafaqat fuqarolarning kundalik hayotiga, balki tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar bilan murojaat qilmoqda. Ijtimoiy infratuzilma obyektlarining barqaror ishlashida ham muammolar yuzaga kelmoqda. Svetoforlardagi uzilishlar yo‘l harakatini tartibga solishni qiyinlashtiradi, bu esa uning xavfsizligiga tahdid soladi”, — deyiladi so‘rovda.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish va savdo obyektlarida sovutish tizimlarining ishdan chiqish holatlari qayd etilmoqda, bu esa katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Turar-joy binolarida elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli maishiy texnika buzilishlari kuzatilmoqda.
Senator so‘rovida qayd etilishicha, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasiga ko‘ra, elektr energiyasi iste’molchilari sifatli va barqaror elektr energiyasi olish huquqiga ega. Shuningdek, ushbu qonunning 61-moddasida ta’minotni to‘xtatish yoki cheklash faqat baxtsiz hodisalarning oldini olish yoki avariyalarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.