O‘zbekistonda IIO va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun jarimalar miqdori oshirildi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan qonunda aytilgan.

Hujjat bilan ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar kiritilmoqda:

  • Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun BHMning 5 baravaridan 12 baravarigacha (2 mln 60 ming so‘mdan 4 mln 944 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi belgilandi. Ilgari eng kam jarima miqdori BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) edi;
  • xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida sodir etganlik uchun — BHMning 12 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 944 ming so‘mdan 12 mln 360 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq. Ilgari eng yuqori jarima BHMning 15 baravari (6 mln 180 ming so‘m) edi.

Senatorlar so‘nggi paytlarda fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik holatlari ko‘payib borayotganini ta’kidladilar.

2024-yilda ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq 85 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan.