2025-yilning birinchi yarmida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar uchun 41 051 ta himoya orderi rasmiylashtirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan zo‘ravonlikka uchragan 11 914 nafar ayolga kunduzgi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, birlamchi bo‘g‘inlarda 4 006 nafar xotin-qizga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Reabilitatsiya va moslashtirish markazlariga 512 nafar xotin-qiz va ularning 709 nafar farzandi joylashtirilib, ularga zarur ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi.
Eslatib o‘tamiz, tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil qilgan shaxslarning tajovuzkor xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan tasdiqlanadi.