Surxondaryo va Namangan viloyatlarida noqonuniy diniy maktablar fosh etildi. Ulardan birida bolalar qattiq kaltaklangan. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Surxondaryo viloyati Boysun tumani “Darband” mahallasida 25 yoshli fuqaro o‘z uyida 9 nafar bolani o‘qitgan. Ta’lim jarayonida bolalarga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lib, ularni ayovsiz kaltaklagan. Erkak yosh bolalarni kabel, shlang bilan yuzi va butun tanasiga urgan.

Hozirda voyaga yetmaganlarning tan jarohatlari og‘irlik darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ularning ota-onalariga nisbatan MJtKning 47-moddasi 1-qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan materiallar rasmiylashtirilgan.

Namangan viloyatida Yangi Namangan tumanida yashovchi 58 yoshli fuqaro 2023-yilning iyul oyidan buyon diniy ta’lim bilan shug‘ullanib kelgan. U 17 nafar voyaga yetmagan bolaning har biridan 100 dollardan olgan.

Mazkur holat yuzasidan MJtKning 241-moddasi (Diniy ta’limotlarni o‘qitish tartibini buzish) bilan materiallar rasmiylashtirildi. Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun bolalarning ota-onalari ham javobgarlikka tortilgan.