Toshkent viloyatida 9 oylik chaqaloq shifoxonada vafot etdi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi raisi Zarif Mirzahmedov ma’lum qildi.

Voqea 26-iyul kuni Parkent tumanidagi shifoxonada sodir bo‘lgan. Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, qizaloq o‘zini yomon his qilgan, shu sababli ular zudlik bilan shifokorlarga yordam so‘rab murojaat qilishgan. Qayd etilishicha, shifokorlar boladagi xavotirli alomatlarga yetarlicha e’tibor qaratmagan va zarur choralarni ko‘rmagan.

Ota-onaning fikricha, bir necha soatdan keyin bolaning vafot etishiga aynan shu sabab bo‘lgan. Hozir bu ish bilan prokuratura shug‘ullanmoqda.

Zarif Mirzahmedovning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari shifokorning ehtimoliy xatosi yoki beparvoligini tekshirmoqda. Tibbiyot xodimlarining aybi isbotlangan taqdirda, ular Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) bilan javobgarlikka tortilishi mumkin.