Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Pekin shahri va Xebey muzofotida ro‘y bergan vayronkor suv toshqinlari munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi. “Sinxua” agentligining xabar berishicha, toshqin qurbonlari soni 40 kishidan oshgan, 9 kishi bedarak yo‘qolgan. 23 iyuldan 29 iyulgacha davom etgan kuchli yomg‘irlar ayniqsa Miyun, Xuayjou, Yanszin va Pingu hududlariga ta’sir ko‘rsatdi.
Suv toshqini tufayli 80 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Xitoy hukumati oqibatlarni bartaraf etish uchun 200 million yuan ajratdi. Zarar ko‘rgan hududlarda favqulodda xizmatlar o‘z ishini davom ettirmoqda.