Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Transport vaziri “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida loyiha tafsilotlari bilan tanishtirdi.
2030-yilga borib Toshkent orqali o‘tadigan yo‘lovchilar oqimi 15 mln kishiga yetadi. Biroq, poytaxtning amaldagi aeroporti zarur o‘tkazish qobiliyatiga ega emas va shahar hududida joylashganligi sababli kengaytirilishi mumkin emas.
Shu bois Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Hozirda xususiy sheriklik mexanizmi doirasida xorijiy kompaniyalarning takliflari ko‘rib chiqilmoqda.
Havo bandargohi Toshkentdagi mavjud aeroportdan 17 km janubda joylashadi. Yangi aeroport Toshkentni Samarqand bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li yaqinida, shuningdek, rejalashtirilayotgan “Toshkent—Samarqand” pulli trassasi yonida joylashadi.
Yangi aeroportni transport va logistika infratuzilmasi mavjud bo‘lgan joyda qurish rejalashtirilgan. Uzbekistan Airports kompaniyasi boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayevning ta’kidlashicha, birinchi bosqichda yangi aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, bir vaqtning o‘zida 169 ta samolyotni joylashtirish va soatiga 40 dan ortiq uchish-qo‘nishni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.