Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida terrorchilik tashkiloti tarafdori ustidan sud bo‘lib o‘tdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
2021-yilda qo‘qonlik fuqaro Telegram’da ekstremistik materiallar tarqatuvchi kanal ochgan. Bundan tashqari, u Instagram orqali “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkilotining yo‘riqchisi va targ‘ibotchisi bilan aloqa o‘rnatgan.
Keyinchalik u bilan Suriyaga borish uchun nima qilish kerakligi haqida yozishib turgan va terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishga tayyorligini bildirgan. Sudlanuvchi yaqinlari va sinfdoshlarini Suriyadagi terrorchilarga qo‘shilishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan.
Fuqaro Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-2-moddasi 1-qismi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan aybdor deb topildi. U olti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.