O‘zbekistonda “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Hujjat bilan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz onalarga (otalarga) maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanish uchun moddiy yordam to‘lash tartibi tasdiqlandi.
Moddiy yordam oluvchilar reyestri shakllantirilib, subsidiyalarni hisoblash va to‘lash avtomatlashtiriladi. 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab yolg‘iz onalar va otalar moddiy yordam olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona milliy tizimi” axborot tizimi va YIDXP orqali, shuningdek bevosita “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin.
Mablag‘larni o‘tkazish oluvchilarning “ijtimoiy kartasi”ga, u mavjud bo‘lmaganda esa “Xalq banki” AJda ochilgan bank kartalariga amalga oshiriladi. Moliyaviy yordam oluvchilardan bank kartalarini ochish uchun to‘lov undirilmaydi.
Bola uch yoshga to‘lgunga qadar ijtimoiy shartnoma asosida Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir nafar bola uchun BHMning 1,5 baravarigacha (618 ming so‘m) miqdorda (agar egizaklar bo‘lsa, ikki nafar bola uchun) moddiy yordam ko‘rsatiladi.