O‘zbekistonda Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.

Muassasa Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi negizida ochiladi. O‘quv jarayoni 2025/2026 o‘quv yilidan boshlanadi. Oliy maktabga to‘qqizinchi sinfdan boshlab boshlang‘ich musiqiy bilimga ega bo‘lgan o‘quvchilar qabul qilinadi.

O‘quv jarayoni davlat granti asosidagi uch yillik o‘quv dasturi bo‘yicha tashkil etiladi. Bitiruvchilarga o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi. Iqtidorli bitiruvchilar oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi kursidan o‘qishini davom ettirishi mumkin.

Shuningdek, Oliy maktabda Sherali Jo‘rayevning ijodiy yo‘nalishi va faoliyati bo‘yicha ilmiy-ijodiy laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.