Portugaliyaning materik qismida jazirama issiq va o‘rmon yong‘inlari xavfi yuqori bo‘lgani sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda Euronews yozmoqda.
Mamlakatda harorat +36 dan +44 darajagacha ko‘tariladi, bu esa vaziyatni ayniqsa xavfli qiladi. Hafta oxirigacha issiq ob-havo chekinmaydi, 4 va 5-avgust kunlari esa Portugaliya va Ispaniyada issiqlik cho‘qqisi kuzatiladi.
Aksariyat hududlarda noqulay ob-havo sharoiti haqida “qizil ogohlantirish” amal qiladi — faqat Kantabriya va Kanar orollari bundan mustasno.
Iqlimshunoslar ob-havo anomaliyasini Afrika shimolidan kirib kelgan issiq havo massalari ta’siri bilan izohlamoqda. Issiq fonida Portugaliyaning Duero daryosi vodiysida allaqachon o‘rmon yong‘inlari boshlangan, mahalliy aholi zudlik bilan evakuatsiya qilingan. Barcha xizmatlar yuqori tayyorgarlik rejimiga o‘tkazildi.
Ayni paytda Ispaniya yozda ikkinchi issiq to‘lqinini boshdan kechirmoqda, butun Janubiy Yevropa esa odatdagidan uzoq davom etadigan yuqori harorat davriga duch kelmoqda. Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1960-yillardan beri eng uzoq davom etgan jazirama. Finlyandiyada iyul oyida harorat uch hafta davomida, Shvetsiyada esa ketma-ket 12 kun davomida +30 °C dan pastga tushmadi.
Mutaxassislar sodir bo‘layotgan voqealarni global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lab, ekotizimlar va odamlar salomatligi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlardan ogohlantirmoqda.