Toshkent shahrining ayrim bozorlarida arzon narxlarda go‘sht va go‘sht mahsulotlarini sotish shoxobchalari ochildi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Aviasozlar”, “Farhod”, “Eski Juva”, “Yunusobod” va “Qo‘yliq” oziq-ovqat bozorlarida 624 ta go‘sht mahsulotlari savdo rastalari faoliyat yuritgan. 3-avgust kuni qo‘shimcha ravishda yana 84 ta qator tashkil etildi. Savdo nuqtalarining umumiy soni 708 taga yetdi.

Ushbu savdo rastalarida go‘sht arzonlashtirilgan narxlarda sotilmoqda. Jumladan, 1 kg mahalliy mol go‘shti 85 ming so‘mdan, belarus mol go‘shti 70 ming so‘mdan, mahalliy qo‘y go‘shti 90 ming so‘mdan, muzlatilgan go‘sht 65 ming so‘mdan sotilmoqda.

Qayd etilishicha, 3-avgust holatiga ko‘ra, Toshkent shahri bozorlariga 78,9 tonna go‘sht yetkazib berilgan. Shundan 21,8 tonnasi yangi savdo nuqtalarida sotilmoqda:

  • “Aviasozlar” — 3,1 tonna;
  • “Farhod” — 5,6 tonna;
  • “Eski Juva” — 6 tonna;
  • “Yunusobod” — 3,2 tonna;
  • “Qo‘yliq” — 4 tonna.

Yana bir savdo nuqtasi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navro‘z” bozorida ochildi. Bu yerda mahalliy, shuningdek, Belarus, Mo‘g‘uliston va Hindistondan keltirilgan turli navli mol va qo‘y go‘shtlari sotiladi.

Xususan, Belorussiyadan keltirilgan 1 kg mol go‘shtining narxi 70 ming so‘m, Mo‘g‘ulistonning 1 kg qo‘y go‘shti 75 ming so‘mni tashkil etadi.