Toshkentning Yashnobod tumanida qo‘riqlanayotgan obyekt rahbariga bolta bilan tan jarohati yetkazish bilan tahdid qilgan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
30-iyul kuni soat 17:32 da poytaxt qo‘riqlash boshqarmasiga qo‘riqlanayotgan ofisdan trevoga signali kelib tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan xodimlarning aniqlashicha, mazkur idorada qorovul bo‘lib ishlagan fuqaro direktorning oylik maoshini oshirishni talab qilgan.
Mojaro davomida u bolta bilan rahbarga tan jarohati yetkazish bilan tahdid qilgan. Tushuntirish suhbati o‘tkazilgach, erkakning sumkasidagi bolta va pichoq olib qo‘yildi.
Holat yuzasidan zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, ashyoviy dalillar bilan birga ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborilgan.