DXX yoshlar orasida ommalashib borayotgan taqiqlangan “А.У.Е.” (Арестантский уклад един) harakati fonida vatandoshlarga murojaat qildi.
Ta’kidlanishicha, taqiqlangan harakat o‘zbek yoshlari, jumladan, xorijdagi mehnat muhojirlari orasida o‘z g‘oyalarini tarqatmoqda.
Harakat a’zolari jinoiy qadriyatlarni targ‘ib qiladi, vatandoshlarni “o‘g‘rilarcha turmush tarzi”ga jalb qiladi va davlat institutlariga dushman bo‘lgan xavfli submadaniyatni shakllantiradi. Rossiyada harakat ekstremistik tashkilot deb tan olingan — unda ishtirok etganlik uchun olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonning ayrim fuqarolari chet elda bunday faoliyat bilan shug‘ullangani uchun allaqachon javobgarlikka tortilgan. Vazirlik ota-onalar, o‘qituvchilar va mehnat migrantlarini hushyorlikka chaqirdi.
Jalb etishning xarakterli belgilari orasida quyidagilar sanab o‘tiladi:
- jargonlardan foydalanish (“общак”, “смотрящий”, “по понятиям”);
- qamoqxona ramzlarini namoyish etish;
- hokimiyat vakillariga nisbatan tajovuz;
- jamiyatda xulq-atvor me’yorlariga rioya qilishdan bosh tortish.
Bunday tuzilmalar bilan aloqa nafaqat fuqarolar xavfsizligiga, balki mamlakat obro‘siga ham putur yetkazadi, — deyiladi DXX bayonotida.