O‘zbekistonda bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish va ularning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda yangi qonun loyihasida so‘z boradi.

Hujjat bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishi kerak. Loyihada vasiy, homiy yoki tutingan ota-ona majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun ilgari vasiy, homiy yoki tutingan ota-ona majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan fuqarolarni farzandlikka olish huquqidan mahrum etish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, ularni bolalarga vasiy yoki homiy etib tayinlash taqiqlanadi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish, shuningdek ularni joylashtirishning muqobil shakllari bilan ta’minlaydi.

Bundan tashqari, notariuslar bolani farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olish to‘g‘risida berilgan arizalar haqidagi ma’lumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etishi hamda ushbu arizalardagi imzolarning haqiqiyligini tasdiqlashi shart bo‘ladi. Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar.