Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi doirasida Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, jumladan, BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak 80-yubiley sessiyasini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning o‘tgan yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Joriy yilda Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda “BMT-Ayollar” tuzilmasining vakolatxonasi ochildi. Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda o‘tkazildi. Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari global indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta mamlakat qatoriga kirdi. BRMga erishish nuqtayi nazaridan BMT bilan hamkorlik bo‘yicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma dastur va loyihalarni kengaytirishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.