Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida o‘tayotgan BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarga chidamlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda ilgari siljishga erishishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari so‘zining avvalida Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.
Konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar dolzarb ahamiyatga ega ekani, chunki dengiz portlaridan jo‘g‘rofiy uzoqlik va bir necha mamlakat hududlarini kesib o‘tish zarurati bir qator obyektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.
Tariflarning yuqoriligi, transport yo‘laklari va infratuzilmasining cheklanganligi, boshqa mamlakatlarning bojxona-tranzit siyosatiga qaramlik shular jumlasidan.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, katta transport xarajatlari va tranzitning beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha yo‘qotmoqda.
Logistika xarajatlari tovarlar qiymatining 60 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi, bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha barobar yuqoridir. Shu munosabat bilan yangi ishonchli tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.
“Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala — adolat masalasiga daxldordir. Bu — dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu bilan birga, ushbu dolzarb muammoni hal qilish uchta prinsipial shartni bajarishni talab qiladi. Bular barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarining oldini olish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va global tenglikning asosiy elementi sifatida rivojlanish huquqini amalga oshirishdir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiy sektorni faol jalb qilgan holda zamonaviy transport-logistika tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha tizimli qadamlar qo‘yildi. Savdo-transport jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Amalga oshirilayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlar, savdo tizimini liberallashtirish va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash sezilarli natijalar bermoqda: raqobatbardoshlik oshdi, innovatsion rivojlanish jadallashdi.
“Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi darajaga ko‘tarilgani esa jadal o‘zgarishlarga kuchli turtki bermoqda”, — dedi davlat rahbari.
Bugungi kunda mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4,5 barobar ko‘payib, 11 milliard dollardan oshdi. Investitsiyalar ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni besh barobar ko‘paydi.
Joriy yilda hamkorlar bilan birgalikda Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlandi, O‘zbekiston—Turkmaniston—Eron—Turkiya transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston prezidenti qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan tutashtirish muhimligi ta’kidlandi.
“Bu keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Davlat rahbari O‘rta koridor salohiyatini, eng avvalo, o‘zaro kelishilgan tranzit siyosatini yuritish, qoidalarni unifikatsiya qilish va konteyner tashuvlari uchun maqbul tariflarni joriy etish orqali to‘liq ishga solishga chaqirdi.
O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, BMT shafeligida Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qildi.
Hujjat portlar va kommunikatsiyalarga adolatli kirish sharoitlarini ta’minlashga, yuk tashish xavfini va global logistikadagi tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan.
Yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab ortib borayotganini hisobga olib, mamlakatimiz yetakchisi BMT shafeligida mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini tuzish,
dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasiga investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoji yiliga qariyb 40 milliard dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari tranzit imkoniyatlarining cheklanishini xolisona aniqlash, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni real sharoitlarni hisobga olgan holda samarali taqsimlash maqsadida Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarning Global zaiflik indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha Innovatsion xabni tashkil etish taklifini amalga oshirish muhimligiga e’tibor qaratildi, bu moslashuvchan agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha innovatsion loyihalarni ilgari surish, bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston yetakchisi yetakchi ekspertlar va “aql markazlari”ni umumiy xavf-xatarlarni yengib o‘tish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga faol jalb qilish, shu jumladan xalqaro forumlar va davra suhbatlari o‘tkazish muhimligini qayd etdi.
“Bunday tadbirlar kun tartibidan global ishlab chiqarish zanjirlariga chuqur integratsiyalashuvni ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalari o‘rin olishi mumkin”, — dedi prezident.
Shuningdek, u O‘zbekiston dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun xalqaro tahliliy markaz faoliyatiga qo‘shilish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari mamlakatimiz global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini tasdiqladi. Konferensiya yakunida Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.