Toshkentda o‘zini DXX xodimi sifatida tanishtirib, bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga va’da bergan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Namanganlik 40 yoshli fuqaro poytaxtdagi xususiy kompaniya direktoriga o‘zini maxsus xizmat xodimi sifatida tanishtirgan va Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasida “tanish-bilishlari” borligini aytgan. U firma nomiga rasmiylashtirilgan import avtomobil ehtiyot qismlarini hech qanday to‘siqlarsiz bojxona nazoratidan o‘tkazishga va’da berdi.

Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u ikki partiya yuk uchun 500 dollardan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Aniqlanishicha, u avval ham xuddi shu firibgarlikdan foydalanib, ushbu kompaniyadan shuncha miqdorda pul olgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.