2025-yil mart oyida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Izboskan tumani Ichki ishlar bo‘limi qoshidagi vaqtinchalik saqlash hibsxonasidagi saqlanish sharoitlarini tekshirib chiqdi.

Sanitariya-gigiyena qoidalari buzilishi, moddiy-texnik ta’minotdagi muammolar, kanalizatsiya tizimidagi nosozliklar, ayrim ushlab turilganlarni majburiy mehnatga jalb qilish kabi jiddiy kamchiliklar aniqlandi.

Monitoring yakunlari bo‘yicha Ombudsman Andijon viloyati IIBga aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish talabi bilan murojaat yo‘lladi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, 6 nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Xodimlardan biri intizomiy javobgarlikka tortildi, ikki nafariga hayfsan, yana ikki nafariga qattiq jazo berildi. IIB boshlig‘i ichki ishlar organlari tizimidan ishdan bo‘shatildi. Hozirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.