Milliy olimpiya qo‘mitasi bokschi Lazizbek Mullajonov va uning doping-sinovi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.

Avvalroq, Olimpiya chempionining musobaqa davridan tashqari olingan doping-namunasida taqiqlangan modda — metasteron izlari aniqlangani haqida xabar berilgandi. Shu munosabat bilan sportchi vaqtincha musobaqalardan chetlashtirildi. Ijtimoiy tarmoqlarda u qo‘lga kiritgan oltin medal bekor qilinishi haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

MOQ matbuot xizmati bu ma’lumotni rad etib, ushbu holat uning Olimpiya o‘yinlaridagi natijasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qildi.

“Sportchi doimo dopingga qarshi qoidalarga qat’iy rioya qilgan va uning barcha doping-testlari manfiy natija ko‘rsatgan. Biroq 2025 yil 11 iyun kuni xalqaro antidoping qoidalariga muvofiq sportchidan doping-test olingan va Xalqaro test agentligi (ITA) tomonidan taqdim etilgan tahlil natijalariga ko‘ra, namunada taqiqlangan moddalar aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

Idoraning ma’lum qilishicha, Olimpiadadan so‘ng, 2024-yil 19-noyabr kuni Lazizbek Mullajonov Farg‘ona shahridagi xususiy klinikada soch ko‘chirib o‘tkazgan.

To‘rt bosqichli jarrohlik amaliyoti va keyingi davolanish jarayonida u klinika tomonidan taqdim etilgan, tarkibida taqiqlangan moddalar bo‘lishi mumkin bo‘lgan dori-darmonlarni qabul qilgani taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston boks federatsiyasi va Lazizbek Mullajonovning o‘zi allaqachon Xalqaro test agentligiga (ITA) barcha kerakli hujjatlarni taqdim etgan va sportchi ushbu masala bo‘yicha yakuniy qarorni kutmoqda.