Ohangaronda “Ohangaron suv” suv omborida cho‘milayotgan ikki qiz cho‘kib ketdi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.
Fojia 28-iyul kuni Ohangaron tumani “Chinor” mahallasida sodir bo‘lgan. Shu kuni 19 yoshli D. P., 16 yoshli D. A. va 19 yoshli N. E. suv omboriga cho‘milgani kelishdi. Biroq oradan vaqt o‘tib, D.P. va N.E. suvdan chiqmay, g‘oyib bo‘lgan.
FVV Ohangaron tumani bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari davomida 28-iyul kuni soat 20:00 larda suv ombori qirg‘og‘idan D.P.ning jasadi topilgan.
O‘lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.