O‘zbekiston va Indoneziya mamlakatlar o‘rtasidagi havo qatnovini kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Delegatsiyalar uchrashuvi Jakartada bo‘lib o‘tdi. Tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim bo‘yicha aviakompaniyalar soni va belgilangan manzillar bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish, muntazam aviaqatnovlarni tiklash, parvozlar geografiyasini kengaytirish, tayinlangan aviakompaniyalarga parvozlar uchun tegishli huquqlarni berish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.

Hukumatlar o‘rtasidagi muzokaralar yakunida hujjatlar imzolandi va quyidagi kelishuvlarga erishildi:

  • havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimda belgilangan aviakompaniyalar soniga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risidagi bitimni darhol imzolash va aviatsiya ma’murlarining vakolatlari asosida ushbu shartni amalga kiritish;
  • ikki davlatning ichki kelishuv protseduralarini amalga oshirish yoki diplomatik notalar almashish yo‘li bilan amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimga kiritilgan o‘zgartirishlarni belgilangan tartibda qabul qilish, bungacha esa ikki davlat aviatsiya ma’murlari o‘rtasida imzolangan yangi bitim doirasida parvozlarni amalga oshirish;
  • O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun bitimda ko‘rsatilgan Jakarta shahriga qo‘shimcha ravishda Denpasar, Surabaya, Medan, Jokyakarta, Majalangka, Banda-Achex, Tanjung-Pandang, Lombok kabi aholi zich joylashgan yirik turistik va sanoat shaharlariga va istalgan ikkita shaharga parvozlarni belgilangan manzil sifatida belgilash;
  • Indoneziya tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga parvoz qilish huquqini berish;
  • yangi bitim asosida har bir tomonning aviakompaniyalari uchun belgilangan parvozlar chastotasini haftasiga 3 martadan 28 tagacha oshirish, aviatashuvlarning barcha turlari uchun jami 14 ta yo‘lovchi va 14 ta yuk reyslarini yo‘lga qo‘yish;
  • barcha aviakompaniyalarga havo kemalarining yo‘lovchilar sig‘imi va yuk ko‘tarish qobiliyati bo‘yicha cheklovlarsiz parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berish;
  • 1995-yilgi bitimni bekor qilish va barcha parvozlarni yangi bitim shartlari asosida amalga oshirish;
  • Cod Share asosida Denpasar yo‘nalishi bo‘yicha 50% reyslarni amalga oshirish;
  • ikkala tomonning aviakompaniyalariga yuk aviatashuvlari uchun uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi havo erkinligini berish;
  • xatlar almashish orqali aviatashuvlar hajmini yanada oshirish va qo‘shimcha aviakompaniyalarni tayinlash masalalarini hal etish.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va O‘zbekiston transport vazirliklari mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini uch barobar oshirishga kelishib olgandi.