O‘zbekistonda 6 avgustdan boshlab hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risidagi yangi qonun rasman kuchga kirdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatga muvofiq, fuqarolar va tashkilotlar tomonidan saqlanayotgan yoki ko‘paytirilayotgan barcha hayvonlar belgilangan muddatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilishi va tamg‘alanishi shart. Talablarga rioya etilishini nazorat qilish Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga yuklatilgan.

Ro‘yxatga olish muddati hayvonning turiga bog‘liq. Qoramol, qo‘y, echki va tuyalar tug‘ilganidan keyin ikki hafta ichida majburiy hisobga olinadi. Otlar uchun bu muddat to‘rt oy, cho‘chqalar uchun bir oy, it va mushuklar uchun uch oy.

Agar mulkdor ko‘rsatilgan muddatda ulgurmagan bo‘lsa, unda ro‘yxatdan o‘tish va qonunni buzmaslik uchun yana bir oy vaqt qoladi. Qoidalar mamlakatga olib kiriladigan hayvonlarga ham taalluqli. Bunda identifikatsiyalash olib kirilgan paytdan boshlab 21 kundan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak.