5-avgust kuni Qashqadaryo viloyatidagi gaz quyish shoxobchalaridan birida yana portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar bermoqda.
Yong‘in Ko‘kdala tumani “Oltindala” MFY hududidagi shoxobchada kechasi soat 22:20 da boshlangan. Portlash avtosisternadan yoqilg‘i saqlash rezervuariga propan quyish paytida sodir bo‘lgan, shundan so‘ng yong‘in kelib chiqqan.
Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 22:22 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 22:30 da qurshab olingan va soat 22:50 da to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida avtosisterna va 10 kub metr hajmdagi suyultirilgan gaz saqlash sig‘imlari yonib zararlangan.
Avtosisterna haydovchisi yengil kuyish jarohatini oldi. Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbarlari yetib borgan.