Senator Anvar To‘ychiyev qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovga rasmiy so‘rov yo‘llab, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishdagi tizimli muammolarga oydinlik kiritishni so‘radi.
U o‘z murojaatida so‘nggi yillarda davlat tomonidan issiqxona sektorini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha faol choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sohada imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va soliq imtiyozlari joriy etilgan, prezidentning tegishli qarorlari qabul qilingan.
Shu bilan birga, senator ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, issiqxona xo‘jaliklari bir qator jiddiy muammolarga duch kelishda davom etayotganini ta’kidladi. Xususan, barqaror moliyaviy mexanizmlarning yo‘qligi, tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv ta’minotidagi uzilishlar, kredit foiz stavkalarining yuqoriligi shular jumlasidan. Bularning barchasi, uning so‘zlariga ko‘ra, xo‘jaliklarning bir qismi bank balansiga o‘tishiga olib keladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning may oyiga qadar 120 gektardan ortiq issiqxonalar allaqachon banklar tasarrufiga o‘tgan. Bu esa, To‘ychiyev ta’kidlaganidek, ish o‘rinlarining qisqarishiga olib keladi va sohaning umumiy samaradorligini pasaytiradi.
Shuningdek, senator ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarni yanada faol joriy etish zarurligini ta’kidladi. Fermer va tadbirkorlarga urug‘chilik va agrokimyo xizmatlarini ko‘rsatish muhimligini ta’kidladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 2020-2024-yillarda tashkil etilgan issiqxona xo‘jaliklarining soni va joriy holati, ularni moliyalashtirishning amaldagi sxemalari, tabiiy resurslar bilan ta’minlashdagi muammolar, shuningdek, ilmiy yechimlarni joriy etish, sohaning eksport salohiyatini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida yozma ravishda batafsil ma’lumot taqdim etish taklif etildi.