2025-yil boshidan buyon Toshkentda avtobuslarda chiptasiz yurish bilan bog‘liq bir necha ming fuqaroga chora ko‘rildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Transport sohasida nazorat inspeksiyasi Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi bilan hamkorlikda avtobuslarda chiptasiz yurish holatlarini aniqlashga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlarini davom ettirmoqda.

Aniqlik kiritilishicha, 2025-yil boshidan buyon 4 090 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan. Shahar yoki shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda yo‘lovchining chiptasiz yurishi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi bilan jazolanadi. BHMning 1/10 qismi (41,2 ming so‘m) miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.