Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tuman sudi 18 yoshli Keles fuqarosi A.G.ning o‘ldirilishiga oid jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqardi.

Hodisa 12-fevral kuni soat 22:50 atrofida Kelesning “Ozodlik” mahallasidagi bolalar maydonchasida sodir bo‘lgan. Bosh prokuraturaning qayd etishicha, gumonlanuvchi 17 yoshli A.S. mast holatda tanishi A.G. bilan janjallashib, unga oshxona pichog‘i bilan bir necha marta zarba bergan. A.G.ning qarindoshlari yigit bir guruh o‘smirlar tomonidan kaltaklanganini da’vo qilishgan.

Sud majlisida A. G.ning onasi o‘g‘liga 12 ta pichoq jarohati yetkazilganini aytdi. U ayblanuvchini umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni talab qildi, shuningdek, uning yolg‘iz o‘zi harakat qilganiga shubha bildirdi. Shu munosabat bilan ayol tergovni davom ettirishga chaqirdi. Ayblanuvchi sog‘lig‘i tufayli majlisda onlayn ishtirok etdi.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan aybli deb topilib, unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.