Toshkentda Taras Shevchenko ko‘chasida bo‘lib o‘tgan Mangal Fest festivalida janjal ko‘targan olti yigit ustidan sud bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Millar reportajida aytiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda voqea ishtirokchilaridan birining aytishicha, janjal tanishlar bilan tushunmovchilik tufayli kelib chiqqan.

“Biz tanishlarimiz bilan suhbatlashib, bir-birimizni biroz tushunmadik, natijada janjal kelib chiqdi. Tanishlarimiz bo‘lgan yigitlar bilan janjallashib qoldik. Mushtlashuv bo‘lgani yo‘q. Bir-birimizga e’tirozimiz yo‘q, jarohatlar ham yo‘q. Sodir bo‘lgan voqeadan juda afsusdamiz”, — dedi u.

6 nafar fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan aybli deb topilgan. Har biriga besh sutkadan qamoq jazosi tayinlandi.