Maxsus komissiya Uzum Market shikoyatidan so‘ng YandexGo UB reklamasini tahlil qildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi xabar bermoqda.

Iyun oyida qo‘mita YandexGo UB kompaniyasiga qarshi ish qo‘zg‘atgan edi. Uzum Market nazorat organiga “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning buzilishi, iste’molchilarni chalg‘itish, shuningdek, Yandex Market marketpleysining Uzum’ga havola qilingan reklama roligi tufayli ishbilarmonlik obro‘siga putur yetkazgani haqida shikoyat bilan murojaat qildi.

Maxsus komissiya qarorida reklama “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra noto‘g‘ri taqqoslash holati — raqobatlashayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektni yoki uning tovarini tovarning xususiyati yoki taqqoslash parametrlari ko‘rsatilmagan holda tovarning ustunligi haqida taassurot uyg‘otadigan so‘zlar yoki ramzlardan foydalangan holda taqqoslashdan iborat, deb topildi.

Xususan:

  • reklamada binafsharang libosdagi aktrisa va rolikning dastlabki kadrlari vizual va konseptual jihatdan Uzum Market`ning avvalgi videolaridagi tasvirlarga o‘xshaydi;
  • rolik qahramonining “A, bu marketmi?!” degan replikasi, uzum bandini ko‘tarishi, shuningdek, atrofdagilarning salbiy munosabati tomoshabinda gap Uzum Market haqida ketayotgandek taassurot uyg‘otadi;
  • “Yo‘q, bu boshqa market” iborasi Yandex Market`ning ustunligiga ishora qiladi.

Shu bilan birga, rolikning iqtisodiy ta’siri juda past deb topildi, mutaxassislar moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash uchun sabablarni topmadi.

“Uzum Market iste’molchilar yoki bozor ishtirokchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy zarar yetkazilganiga oid dalillarni taqdim etmagan”, — deyiladi xabarda.

YandexGo UB`dan bir oy ichida yuqoridagi reklama roligini OAVdan olib tashlash talab qilindi. 14-avgustga qadar kompaniya nazorat organiga rolik namoyishini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Qarordan norozi bo‘lgan tomon uning ustidan Raqobat qo‘mitasining Apellyatsiya kengashiga yoki sud orqali shikoyat qilishi mumkin.