7-avgust kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni yaqinidagi bir qator ko‘chalar yarim kunga yopiladi. Bu haqda poytaxt YHXB xabar bermoqda.
Jennifer Lopesning “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadigan konserti munosabati bilan soat 12:00 dan 23:00 gacha quyidagi ko‘chalarda avtotransport vositalari harakati to‘liq cheklanadi:
- Cho‘pon ota ko‘chasi bo‘ylab Qatortol ko‘chasi bilan kesishgan chorrahadan Chilonzor ko‘chasi bilan kesishgan chorrahagacha bo‘lgan uchastka;
- Chilonzor ko‘chasi bo‘ylab Cho‘pon ota ko‘chasi bilan kesishgan chorrahadan Kichik halqa yo‘li bilan kesishgan chorrahagacha bo‘lgan qismi;
- ikkinchi darajali Bunyodkor ko‘chasi Kichik halqa yo‘lidan Cho‘pon ota ko‘chasigacha.
Haydovchilar aylanma yo‘llardan foydalanishga chaqirildi.
Avvalroq Toshkent hokimligi Jennifer Lopes konsertiga bepul avtobuslar tashkil etilishi haqida xabar bergandi. Transport soat 16:00 dan “Bunyodkor” stadionigacha harakatlanadi.