Surxondaryo viloyatida M39 xalqaro avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida tezlik chegarasi 130 km/soatgacha oshirilishi mumkin. Bu ma’lumot “Surxondaryo” telekanali tomonidan e’lon qilindi.

Mutaxassislar trassaning Termiz—Boysun yo‘nalishi bo‘yicha qismini ko‘zdan kechirishdi, shuningdek, maksimal tezlikni 130 km/soatgacha oshirish imkoniyatini baholashdi.

Natijada quyidagi tezlik rejimlarini o‘rnatish taklif qilindi:

  • 1315−1324 km oralig‘ida — 90 km/soat;
  • 1324−1326 km oralig‘ida — 70 km/soat;
  • 1337−1349 km oralig‘ida — 100 km/soat;
  • 1374−1400 km uchastkada — 130 km/soat.

1321−1391 km oralig‘idagi xavfli burilishlarda 7 km uzunlikdagi beton to‘siqlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, 475 ta shikastlangan yo‘l belgilarini almashtirish, 20 ta xavfli hududda 1800 ta yangi belgi o‘rnatish, 1315-1400 km oralig‘idagi yo‘l chiziqlarini yangilash, 6 ta ko‘prikdagi yo‘l qoplamasi va notekisliklarni ta’mirlash rejalashtirilgan.

Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng trassa qayta ko‘zdan kechiriladi. Belgilangan talablarga javob bergan taqdirda, tavsiya etilgan tezlik rejimi rasman joriy etiladi.