Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan harbiy qarama-qarshilikdan voz kechish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Muzokaralar 8-avgust kuni Oq uyda AQSH yetakchisi Donald Tramp ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar jangovar harakatlarni abadiy to‘xtatish, savdo, sayohatlar va diplomatik aloqalarni tiklash, shuningdek, bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olish majburiyatini oldi.
“Biz nihoyat tinchlik o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. Ozarbayjon va Armaniston barcha harbiy harakatlarni abadiy to‘xtatish, savdo, sayohat va diplomatik aloqalarni tiklash, bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini oladi”, — dedi AQSH prezidenti.
Donald Tramp, shuningdek, AQSH Boku va Yerevan bilan energetika, savdo va texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzolaganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Vashington Ozarbayjon bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikka qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi.