Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni Toshkent shahrida energetika tizimi barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi bir yilda 12 mingta yangi obyekt, jumladan, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari foydalanishga topshirildi. So‘nggi ikki yilda Toshkent shahri elektr ta’minoti tizimini rivojlantirishga 2,8 trln so‘m yo‘naltirildi. Ishlar doirasida 36 ta podstansiya, 665 ta transformator va 2 ming kilometrdan ortiq tarmoqlar modernizatsiya qilindi.
Shunday bo‘lsa-da, hali yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Bugungi kunda 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan buyon shaharda elektr energiyasi iste’molchilari soni 40 mingtaga ko‘payib, talab darajasi 6 foizga oshgan. Avvallari yozda o‘ta issiq ob-havoning davomiyligi bir haftadan oshmagan bo‘lsa, bu yil 20 kun davom etdi.
Natijada iyul oyida shaharda elektr iste’moli darajasi 900 million kVt/soatdan oshdi. Taqdimotda energetika vaziri har bir tuman va poytaxt mahallasi kesimidagi rejalar bilan tanishtirdi.
Birinchi bosqichda joriy yil yakuniga qadar 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya va 62 ta transformatorni yangilash rejalashtirilgan. 2026-yilda yana 788 km tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Xususan, mahallalardagi transformator va tarmoqlar ta’mirlanib, yangilari o‘rnatiladi.
Prezident kuz-qish mavsumi yaqinlashib kelayotganiga e’tibor qaratib, joriy reja bo‘yicha barcha ishlarni 1-noyabrga qadar yakunlash zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilar sovuq kunlarda barqaror energiya ta’minoti bo‘yicha ham axborot berdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari faol ravishda oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoat korxonalarini muqobil energiya manbalariga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
2027-yilgacha yirik korxonalar va turizm obyektlarida 752 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari va 812 MVt quvvatga ega akkumulyatorlar o‘rnatish rejalashtirilgan.