Joriy yilning 1-noyabridan O‘zbekistonda ishsizlik nafaqalari oshiriladi, shu bilan birga ularni olish shartlari o‘zgartiriladi. Bu haqda prezident farmonida aytilgan.

Nafaqa faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan, shuningdek, oxirgi besh yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga to‘lanadi.

Nafaqa tayinlash uchun mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin yarim yil ichida murojaat qilish kerak. Bunday holatda uch oy davomida so‘nggi 1,5 yil uchun o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.

Bunda birinchi oyda — o‘rtacha oylik ish haqining 75%i, biroq MHEKMning 3 baravaridan (3,813 mln so‘m) oshmagan miqdorda. Ilgari to‘lovlar miqdori o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizini tashkil etgan. Keyingi oylarda — o‘rtacha oylik ish haqining 50%i, biroq EKIHning 3 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.

Ishsizlik nafaqasini qayta tayinlash uchun birinchi tayinlangan nafaqani olish muddati tugaganidan keyin kamida 12 oy rasman ishlagan bo‘lishi kerak.

Agar nafaqa oluvchi bandlik organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha yoki e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlariga suhbatga kelmasa yoxud unga maqbul keladigan ish takliflari rad etilsa, u holda nafaqa to‘lash keyingi oyning 1-kunidan boshlab to‘xtatiladi.