Toshkent viloyatida pora bilan qo‘lga tushgan Majburiy ijro byurosi xodimi ustidan sud bo‘lib o‘tdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat ijrochisi o‘z mansab vakolatidan foydalanib, Bekobod tumanida yashovchi fuqarodan aliment qarzdorligi sababli xorijga chiqish taqiqini olib tashlash uchun 20 mln so‘m talab qilgan. U so‘ralgan puldan 13 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi. MIB xodimi shunga o‘xshash xizmat ko‘rsatgani uchun 450 dollar va 1,3 mln so‘m olgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudi davlat ijrochisini Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (Tovlamachilik yo‘li bilan pora olish) va 168-moddasi 3-qismi “v” bandida (Xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.
Sud unga nisbatan 2 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.