O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari ijtimoiy tarmoqlar orqali terrorchilik g‘oyalarini targ‘ib qilib, yoshlarni yollagan bir guruh qizlarni qo‘lga oldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Idora xodimlari 19 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan uch nafar qiz diniy mazmundagi video va audio materiallarni tarqatish, shuningdek, O‘zbekiston hududida taqiqlangan “Iroq va Shom islom davlati” va “Turkiston islom partiyasi” terrorchilik tashkilotlarining chaqiriqlarini e’lon qilish maqsadida Telegram-kanal tashkil etganini aniqladi.

Bundan tashqari, qizlar boshqa yopiq guruhlarda ham o‘z targ‘ibot ishlarini olib borishgan. Shu bilan birga, qizlar ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy profillar ochib, u yerda taqiqlangan materiallarni tarqatgan va boshqa yoshlarni yollashga uringan. Qizlar Suriyaga borib, jangovar harakatlarda ishtirok etishni rejalashtirgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari DXX xodimlari bilan hamkorlikda gumonlanuvchilarni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldi. Gumonlanuvchilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.